Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on “turkiy davlatlar fuqarolarini ishga joylashtirish” tartibini soddalashtiruvchi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Keyinchalik maʼlum bo‘lishicha, aslida bu farmon “turk kelib chiqishiga ega chet el fuqarolari”ga tegishli hisoblanadi. Bu turkiy davlatlar fuqarolariga, xususan, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston fuqarolariga taalluqli emas.
Erdo‘g‘on imzolagan hujjat “Turk kelib chiqishiga ega chet el fuqarolarining erkin kasbiy faoliyati hamda Turkiyaning davlat va xususiy muassasalarida ishga joylashishi to‘g‘risida”gi qarorni qisman yangilagan.
Hujjatga ko‘ra, avvalo chet el fuqarosining turk millatiga mansubligi aniqlanadi.
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi mazkur qaror Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolariga Turkiya hududida erkin mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini bermasligini bildirdi. O‘zbekiston fuqarolarining Turkiyadagi vaqtinchalik mehnat faoliyati amaldagi qonunchilik asosida tartibga solinadi.


