Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida “Prezident iqtidorli farzandlari” Milliy dasturining ilk bosqichi “Renessans” bolalar oromgohida boshlandi deya xabar bermoqda Zamon.uz muxbiri.
Dasturda respublika bo‘ylab tanlov asosida saralangan 1500 nafar 9-sinf bitiruvchisi ishtirok etmoqda. Ular matematika va ingliz tili fanlaridan o‘tkazilgan test natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan yoshlar orasidan tanlab olingan.
Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar buxgalteriya hisobi, biznes asoslari va zamonaviy yondashuv (Global Perspectives) fanlarini o‘rganishadi. Darslar 45 daqiqalik bo‘lib, ularni 4 nafar xorijiy va 6 nafar mahalliy mutaxassis olib boradi. Umumiy o‘quv jarayoni 30 soatni tashkil etadi.

Mazkur fanlar yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirish, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, mustaqil qaror qabul qilish va o‘z fikrini himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi PF–86-son Farmoniga asosan amalga oshirilmoqda va yoshlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirishni maqsad qilgan.
Bundan tashqari turli xil viloyatdan kelgan o‘quvchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lib, ularning hech bir kuni bekor o‘tmaydi. Turli xil sport mashg‘ulotlari: shaxmat,voleybol,futbol,basketbol va bundan tashqari har xil estafeta o‘yinlari ularning kunini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladi.


