15-oktyabr kuni Turkiy davlatlar xalqaro universitetida Turkiy universitetlar ittifoqi (TÜRKÜNİB)ning “Ilmdan o‘zga najot yo‘q” shiori ostidagi 8-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik, akademik birdamlik va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
Assambleyada Turkiy davlatlar tashkiloti Kotibiyati, Turkiy akademiya, TÜRKÜNİBga a’zo 100 dan ortiq universitet rahbarlari, ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar va taniqli olimlar ishtirok etdi.
Tadbirni Turkiy davlatlar xalqaro universiteti rektori Bahodir To‘rayev ochib, turkiy mamlakatlarning olimlari va yosh tadqiqotchilari ilm, birlik va taraqqiyot yo‘lida yagona maqsad sari birlashayotgani mazkur forumning eng muhim yutug‘i ekanini ta’kidladi.
Assambleya doirasida Turk akademiyasi eksperti Ebulfez Sulaymonli “Turk Barometri 2025: Turk davlatlari yoshlar tadqiqoti” loyihasi natijalarini taqdim etdi. Tadqiqot turkiy mamlakatlar yoshlarining qadriyatlari va ijtimoiy qarashlarini o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, u turkiy dunyo kelajagini belgilovchi muhim ilmiy manba sifatida e’tirof etildi.
Qirqqal’a universiteti rektori, professor Ersan Aslan TÜRKÜNİB doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar yoshlarni ilm-fanga jalb etish va turkiy akademik makonning raqobatbardoshligini oshirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Assambleya yakunida 20 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolandi. Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Turkiy akademiya prezidenti Shahin Mustafoyev hamda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov ham ishtirok etdi.
Turkiy davlatlar xalqaro universiteti bugungi kunda turkiy sivilizatsiyani yuksaltirish g‘oyasini amalda ro‘yobga chiqarib, ilm-fan va innovatsiyalar orqali yosh avlodni yangi marralarga yetaklayotgan muhim ta’lim markaziga aylanib bormoqda. Bu yo‘nalish, o‘z navbatida, turkiy dunyo yangi Uyg‘onish davriga kirib borayotganini ifodalaydi.


