Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikistonga amalga oshirgan tashrifi yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mehnat migratsiyasi masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Rossiya xorijiy ishchi kuchiga, jumladan, tojikistonlik mutaxassislarga muhtoj, biroq ularning qonunlarga rioya qilishi va tilni bilishi muhim ahamiyatga ega.
“Bizga xorijiy ishchi kuchi zarur, lekin ular qonunlarni hurmat qiladigan, tilni biladigan va munosib sharoitlarda yashaydigan fuqarolar bo‘lishi kerak. Bu borada muammolar hali ham ko‘p”, — dedi Putin.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Tojikiston huquq-tartibot idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bu sohadagi masalalarni samaraliroq hal etishga yordam beradi. U bunday yondashuv ikki davlat fuqarolari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashini qayd etdi.
“Agar Rossiyada Tojikiston huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ham faoliyat yuritsa, bu ikki tomon o‘rtasida ochiqlik va ishonchni oshiradi”, — dedi Rossiya rahbari.
Putin, shuningdek, Tojikistonda rus tili maqomining qonun bilan mustahkamlanganini ijobiy baholab, bu ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish uchun muhim omil ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada migrantlar uchun rus tilini bilish darajasi bo‘yicha test sinovlari 2025-yil 1-apreldan boshlab majburiy tartibda joriy etildi. Shu bilan birga, mamlakat hukumati maktablarda migrant bolalar sonini cheklash tashabbusini ham ko‘rib chiqmoqda.
So‘nggi yillarda Rossiyada noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq holatlar soni kamaygan bo‘lsa-da, 2025-yil yanvar–sentyabr oylarida mamlakatdan 800 dan ortiq noqonuniy muhojir deportatsiya qilingan.


