Rossiya ommaviy axborot vositalari Moskva aholisi orasida yirik firibgarlik uyushtirgan va o‘zini Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguning qarindoshi sifatida tanishtirgan Sheryoxon Shoygu (asl familiyasi Usmonova) haqidagi yangi tafsilotlarni oshkor qildi.
Jurnalistik surishtiruvlarga ko‘ra, ayol aslida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, uning otasi — 63 yoshli Tohirjon Osmonov. Ma’lum qilinishicha, Osmonov ilgari O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlarida xizmat qilgan, biroq hozirda bir qator jinoyatlar uchun O‘zbekiston tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.
Unga nisbatan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, tovar belgilari va firmaning nomidan noqonuniy foydalanish, firibgarlik va boshqa jinoyatlar bo‘yicha olti epizodli jinoyat ishi ochilgan.
Manbalarga ko‘ra, Osmonov 2014-yildan buyon Moskvada yashab keladi va aynan u qiziga familiyasini “Shoygu” deb o‘zgartirishni maslahat bergan. Shu yo‘l bilan qizi Rossiya yuqori amaldorlariga aloqador shaxs sifatida o‘z obro‘sini oshirishga va investorlarni chalg‘itishga erishgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sheryoxon “kripto birja” loyihasi orqali sarmoya jalb qilishni taklif qilib, fuqarolardan 200 million rubldan ortiq mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Otasi Tohirjon Osmonov jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, bu haqdagi ma’lumotlarni “tuhmat” deb atadi va o‘zining jinoiy faoliyati bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi.


