Qashqadaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan 9 oy davri mobaynida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va ushbu yer uchastkalarida noqonuniy imorat qurilishiga oid 2326 ta holatda 370 gektardan ziyod yer maydonida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Viloyatda yer qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida yer qonunbuzilish holatlarining 1091 tasi 279 gektaridagi holatlar fuqarolar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish to‘g‘risida 1097 ta da’vo arizalari kiritilgan.
Shuningdek, viloyatda kadastr xizmatlarini ko’rsatish borasida ham amaliy ishlar yo’lga qo’yilgan. O‘tgan 9 oy davomida Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining tuman, shahar filiallariga kelib tushgan murojaatlar asosida 36 640 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo'lgan yer uchastkalari va ko‘chmas mulklariga kadastr pasportlari tayyorlanib, davlat xizmatlari markazlari orqali mulkdorlarga taqdim etildi.
Natijada ularning huquqlari qonuniy mustahkamlandi. Bu degani – minglab oilalar endi mulkini sotish, ro‘yxatdan o‘tish, meros va hadya bilan bog’liq qarorlarni hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshira oladi.
Bundan tashqari 3 165 ta (466,6 gektar) bo‘sh yer uchastkalari aniqlangan. Bo'sh yer uchastkalari "YERELEKTRON" tizimiga kiritilgan va tegishli tashkilotlar tomonidan ijobiy xulosalar berilgan 283 gektardan ziyod yer uchastkalari mulk va ijara huquqi asosida auksion savdolariga chiqarildi.
O’tgan davr ichida 50 990 ta ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
937-sonli Qonun ijrosi yuzasidan Qashqadaryo viloyatida xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Jarayonlarga 200 nafarga yaqin kadastr xodimlari safarbar qilingan bo‘lib, bugungi kunga qadar 60 mingdan ziyod ko‘chmas mulk obyektlari xatlovdan o‘tkazildi.
Olib borilgan xatlov ishlari natijasida Xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalarida 1533 nafar fuqarolarning uy-joyiga nisbatan mulk va ijara huquqlari rasman e’tirof etildi.


