Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-oktabr kuni suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda sohani xususiy sektor uchun yanada jozibador qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatda 50 ming kilometrdan ortiq sug‘orish tarmoqlari, 1,6 mingta nasos stansiyasi va 10 mingdan ziyod suv obyekti faoliyat yuritmoqda. So‘nggi yillarda suv xo‘jaligi tizimini isloh qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv resurslaridan tejamkor foydalanish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, quyi bo‘g‘indagi xizmat ko‘rsatish samaradorligi, hisob-kitoblarning shaffofligi va moliyaviy mustaqillikka oid masalalarda yechim talab etuvchi muammolar saqlanib qolmoqda.
Taqdimotda sohada raqamlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va xizmat tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Yangi yondashuv asosida “Suv hisobi” axborot platformasi orqali suv sarfini to‘liq elektron shaklda yuritish joriy etiladi. Ushbu tizim inson omilini kamaytirib, ortiqcha hujjatlashtirishni bartaraf etadi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi.
Ma’lumotlar aniqligini ta’minlash maqsadida tizim “Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi bilan integratsiya qilinadi. Shu orqali sug‘oriladigan yerlar, ekin turlari va suv limitlari haqidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda yangilanib boradi.
Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida “Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi” tashkil etiladi. U suv balansi, nasos stansiyalari va suv sarfi bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilib, qaror qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini yaratadi.
Shuningdek, “Davlat suv kadastri” axborot tizimi ishlab chiqiladi. Bu tizim turli idoralardan yig‘iladigan ma’lumotlarni yagona bazada jamlaydi, natijada hisob-kitoblarni qog‘oz shaklida yuritish amaliyoti qisqaradi. Tizimni 2026-yil aprel oyiga qadar to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Quyi bo‘g‘inda xizmat ko‘rsatish tizimi ham isloh qilinadi. Yangi tizimda mavsumiy ehtiyojlardan kelib chiqib, shtatlar moslashtiriladi va xizmatlar samaradorligi KPI ko‘rsatkichlari asosida baholanadi. 2026-yildan boshlab xodimlarni rag‘batlantirish tizimi amaliy natijalarga bog‘lanadi.
Suv xo‘jaligi muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish maqsadida suv solig‘idan tushgan mablag‘larning 40 foizini o‘z moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirishga ruxsat etiladi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida nasos stansiyalarini boshqarish tajribasi kengaytiriladi. 2026-yilda Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi stansiyalarning yarmi, 2027-yilda esa Namangan viloyatidagi barcha stansiyalar xususiy sheriklikka o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Namangan viloyatining Chortoq tumanida “bir nasos — bir tizim” tamoyili asosida “Chortoq tajribasi” joriy etiladi. Unda xususiy sherik iste’molchilarni suv limiti doirasida suv bilan ta’minlaydi, suv solig‘ining 40 foizini o‘z faoliyatini modernizatsiya qilishga yo‘naltiradi.
Shuningdek, “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida 2025–2026-yillarda har bir tuman hududida o‘quv dala-joylari tashkil etilib, jami 141 ta tuman qamrab olinadi.
Prezident mutasaddilarga sohada raqamlashtirishni jadallashtirish, hisob va hisoboti jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish va tizim samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi hamda tegishli hujjatlarni imzoladi.


