Qashqadaryo viloyatida yer munosabatlari va ko‘chmas mulk obyektlariga oid huquqiy tartibotlarni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasida 1494 ta holatda jami 277,7 gektar yer uchastkalarida qonunbuzarliklar aniqlandi. Ushbu holatlar yuzasidan o‘zboshimchalik bilan yer egallagan shaxslarga yozma ko‘rsatmalar yuborilib, 709 ta qonunbuzarlik joyida bartaraf etildi.
Shuningdek, 43,4 gektar yer maydonidagi noqonuniy qurilishlarni olib tashlash va yerni tiklash bo‘yicha sudlarga 660 ta da’vo arizasi kiritildi.
Viloyatdagi 24 446 nafar fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishli yer va ko‘chmas mulk obyektlariga kadastr pasportlari tayyorlanib, davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etildi. Bundan tashqari, birinchi yarim yillikda 180,9 gektarni tashkil etuvchi 1675 ta bo‘sh yer uchastkalari aniqlanib, “YERELEKTRON” tizimiga kiritildi. Shundan 1935 ta uchastka 141 gektardan ziyod hududni qamrab olgan holda auksion savdolariga chiqarildi.
937-sonli Qonun ijrosini ta’minlash doirasida viloyatda 200 nafar kadastr xodimi xatlov ishlariga jalb etildi. Shu vaqtga qadar 36 mingga yaqin ko‘chmas mulk obyektlari xatlovdan o‘tkazildi. Natijada, Xalq deputatlari viloyat Kengashining qarorlari bilan 202 nafar fuqaroga uy-joylar ustidan mulk va ijara huquqlari rasman e’tirof etildi.
Bu ishlar aholining yer va uy-joyga bo‘lgan huquqlarini mustahkamlash, mulk huquqlarini qonuniylashtirish va erkin iqtisodiy muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.


