Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi yosh ayol xorijda yuqori daromadli ish va’dasiga aldanib, qiyin vaziyatga tushib qoldi.
Ma’lum bo‘lishicha, internet orqali tanishgan shaxs unga malaka va tajriba talab qilinmaydigan, katta daromadli ishni taklif qilgan. O‘zini Istanbulda yashovchi tadbirkor sifatida tanishtirgan bu kishi ayolni ishchi vizasisiz Turkiyaga olib chiqqan. Biroq keyinchalik yo‘l xarajatlari uchun “qarzdorlik”ni bahona qilib, uning pasportini olib qo‘ygan hamda majburiy mehnatga jalb etishga uringan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Turkiyadagi konsulxonasi va Migratsiya agentligining xorijdagi vakolatxonasi tomonidan tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi. Natijada fuqaro sog‘-salomat holda yurtimizga qaytarildi. Shu bilan birga, unga nisbatan firibgarlik qilgan shaxs haqida Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlariga tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.


