Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, ikki fuqaroning haydovchi lavozimiga ishga qabul qilinishida “ko‘maklashganini” vaj qilib, ulardan 6 ming AQSh dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pulning 3,5 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyatida ham qayd etildi. Marg‘ilon shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi, fuqaroga davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha ochish uchun vazirlikdagi “tanishlari” orqali ruxsatnoma olib berish evaziga 2 ming AQSh dollari olayotganida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Har ikkala holatda ham jinoyat ishlari ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Rasmiylar korrupsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaroning burchi ekanini eslatib, bu illatdan jamiyatni tozalash mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligi uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar pora berish va olish holatlarini ko‘rgan fuqarolarni darhol tegishli idoralarga xabar berishga chaqirdi.


