Qashqadaryodagi shifoxonada 18 iyul kuni fuqarolar o‘rtasida mushtlashuv yuz bergandi.
Kitob tumani Samarqand MFY hududida yashovchi 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro T.O. turli jarohatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasi qabul-diagnostika bo‘limiga olib kelingan. Bemor zudlik bilan mutaxassislar tomonidan tegishli tekshiruvlardan o‘tkazilib, unga birinchi yordam ko‘rsatilgan va shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. U bilan birga tibbiyot birlashmasining travmatologiya bo‘limiga 1955 yilda tug‘ilgan Q.R. ham jarohat sabab yotqizilgan.
Ushbu voqealardan biroz vaqt o‘tib, tuman tibbiyot birlashmasi hovlisida bemor T.O. dan xabar olishga kelgan qarindoshlari hamda bemorga jarohat yetkazganlikda gumonlanayotgan kishilar o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Oqibatda yana bir guruh fuqarolar jarohatlangan.
Jumladan, 1979 yilda tug‘ilgan Q.I. va shu mahallada yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan A.A. sanchib kesilgan turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Fuqarolar o‘rtasidagi janjal ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Jarohatlangan fuqarolarga zudlik bilan tegishli tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda yuqorida qayd etilgan 4 bemorning ahvoli qoniqarli, davolash jarayonlari davom ettirilmoqda. Hodisa oqibatida tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan boshqa bemorlar, bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlari va voqeaga guvoh bo‘lgan boshqa fuqarolarga shikast yetmagan. Holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.


