1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Qoraqalpog‘istondagi internetsiz kunlar

Odamlar uni qanday o‘tkazdi?

Qoraqalpog‘istondagi internetsiz kunlar

 

1 iyul. Kunning ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘istonda tartibsizliklar boshlandi. Ko‘chalar odamlar bilan gavjum, atrof notinch... bu manzaralarni ko‘rgan kishi qo‘rqib ketardi...

 

Shukur-ki,bu kunlar bir sinovdek o‘tib ketdi. Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga tashriflari bu yerlik aholining tinchligini saqlab qoldi. Prezident farmoni bilan fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida mamlakat hududida bir oy favqulodda holat joriy etildi.

 

Qoraqalpog‘istonda mobil internet, 1 iyuldan esa statsionar internetda muammolar yuzaga kela boshladi. Poytaxt Nukus shahrida va respublika tumanlarida deyarli hamma joyda to‘lov terminallari, naqd pul berish uchun bankomatlar vaqtincha ishlamadi. Naqd pulsiz hisob-kitob qilishning imkoni yo‘q, internet yordamisiz olib bo‘linmaydigan davlat va boshqa xizmatlar ko‘rsatilmadi. Salkam 20 kun davom etgan Qoraqalpog‘istondagi internetsiz kunlarni odamlar qanday o‘tkazdi?

 

Rabiģa Shabatova, talaba:

Ochig‘i, internetsiz juda qiynaldim. Chunki men internet yo‘q paytda institut doirasida nomdor stipendiyaga hujjat yig‘dim. Internetdagi o‘zimning kerakli sertifikat, diplomlarimni, bosmadan chiqqan ilmiy maqolalarimning elektron variantini ololmadim. Qolaversa, o‘zimda bor hujjatlarning elektron variantini chiqarganda ham ko‘pgina qiyinchilikka duch keldim. Sababi, internet bo‘lganida, qog‘ozlarimning hammasini telegramdan tashlash orqali chiqarardim. Internetsiz davrda esa 150-200 ta qog‘ozni “blyutuz”dan birma-bir tashlab o‘tirdim. Shuning bilan birga, internet telegram orqali yaqinlar, do‘stlar, guruhdoshlar bilan qulay tarzda gaplasha olasan. Agar u bo‘lmasa, qiyin ekan.

 

Amir Bekimbetov, taksichi:

Internet bo‘lmaganidan keyin hamma ishsiz qoldi. Masalan, men hamkorlik qiladigan taksi kompaniyasining o‘zida 1000 dan ortiq taksi bor. O‘shalarni hammasining ish faoliyati to‘xtab qoldi. Boshqa taksi kompaniyalar bo‘lsa,telefonda konferensiya qo‘shib ishladi. Qaysi taksist o‘sha manzilga yaqin yurgan bo‘lsa, mijozni o‘sha oldi. Odamlar ham ko‘chaga chiqib, yo‘lning bo‘yida turib, taksi izlab yurdi.

 

Ulbosin Madaminova, abituriyent:

Shaxsan menga internet o‘chgani o‘qishga hujjat topshirishimda xalaqit bermadi. Hujjatlarimni my.gov.uz sayti orqali bemalol qiynalmasdan topshirdim. Lekin boshqa abituriyent do‘stlarim telefonim qotib qoldi, my.dtm.uz saytiga yaxshi kirmayapti, deb muammolarga duch kelishdi. Ko‘pchilik davlat xizmatlari agentligiga borib, hujjat topshirishdi. U yerda esa, odam ko‘p, navbat kutishlar bo‘ldi.

 

Dilrabo Qurbonboyeva, uy bekasi:

Men uchun internetning o‘chgani yaxshi bo‘ldi. Oiladagi hammamiz birga o‘tiradigan bo‘ldik. Kichkina o‘g‘illarim internetdagi o‘yinlarni o‘ynamaydigan bo‘ldi. Televizordagi foydali ko‘rsatuvlarni ko‘proq ko‘radigan bo‘ldik.

 

Atabek Seyilbekov, bank xodimi

Bankda hamma ish internetga bog‘liq bo‘lgani uchun faoliyatimiz sal qiyinlashdi. Bankdagi ish bo‘yicha bo‘lsa, o‘zimizning bosh ofisdan xat orqali kerakliga saytlarga “dostup” olib kirdik, muammo bo‘lmadi. Boshida bir hafta terminallar ishlamagani uchun faqat naqd pul orqali to‘lovlar qabul qilindi. Keyin u ham izga tushib ketdi. O‘zim uchun bo‘lsa, internetsiz hayot unchalik ham qiyin bo‘lmadi. Chunki ijtimoiy tarmoqlarga ko‘p kirmayman.

 

Gulbonu Abatbayeva

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика