1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Qozog‘iston Tinchlik Kengashiga milliard dollarlik badalsiz qo‘shildi

Aʼzolik rasmiylashtirilgan paytdan boshlab, mamlakatning Kengashdagi vakolat muddati uch yilni tashkil etadi.

Qozog‘iston Tinchlik Kengashiga milliard dollarlik badalsiz qo‘shildi

 

Qozog‘iston AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tinchlik Kengashi”ga milliard dollarlik badal kiritmasdan qo‘shildi. Bu haqda Akorda matbuot xizmati Tengrinews.kz nashriga maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, “Tinchlik Kengashi”ga aʼzo bo‘lish uchun davlatning mutlaq suveren qarori talab etiladi. Aʼzolik rasmiylashtirilgan paytdan boshlab, mamlakatning Kengashdagi vakolat muddati uch yilni tashkil etadi.

 

Akorda matbuot xizmati nizomda ko‘rsatilgan 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi badal majburiy emasligini alohida taʼkidladi. Ushbu badal ixtiyoriy bo‘lib, uni kiritish yoki kiritmaslik har bir aʼzo davlatning huquqi hisoblanadi. Agar mazkur badal birinchi yil davomida amalga oshirilsa, davlat o‘z aʼzolik muddatini belgilangan uch yillik davrdan tashqariga uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

“Qozog‘iston ʼTinchlik Kengashiʼga hech qanday moliyaviy hissa qo‘shmasdan qo‘shildi va bu nizom qoidalariga to‘liq mos keladi”, — deyiladi rasmiy bayonotda.

 

Maʼlum qilinishicha, 22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev “Tinchlik Kengashi” nizomini imzolagan. Imzolash marosimida 18 davlat rahbarlari va yuqori martabali vakillar ishtirok etgan.

 

“Tinchlik Kengashi” AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan G‘azo sektoridagi mojaroni bartaraf etish bo‘yicha ilgari surilgan kompleks reja doirasida tashkil etilgan hukumatlararo tuzilma hisoblanadi. Kengash tashkil etilishi 2026-yil yanvar oyida rasman eʼlon qilingan.

 

Hozirga qadar dunyoning 60 ga yaqin yetakchi davlatlari “Tinchlik Kengashi”ga qo‘shilishga taklif etilgan. Donald Tramp Kengashning birinchi raisi etib tayinlangan.

 

Tuzilma tarkibiga Ijroiya qo‘mita, G‘azo bo‘yicha Ijroiya kengashi hamda Falastin milliy qo‘mitasi huzurida faoliyat yurituvchi G‘azo sektorini boshqarish mexanizmlari kiradi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика