Joriy yilning 18-avgust kuni Qozog‘istonning Chimkent shahar sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisi chog‘ida kutilmagan voqea yuz berdi. Shahar hokimi o‘rinbosari Ruslan Berdenovga uyushtirilgan hujum ishi bo‘yicha sud jarayonida raislik qilayotgan sudya Abinur Qoraboyev matbuot vakillariga tilini chiqargani aks etgan video tarqaldi deya xabar bermoqda media.az nashri.
Mazkur holatni jurnalistlardan biri tasvirga olib, o‘zining Facebook sahifasiga joylashtirgan. Videoda sudya hazil tariqasida tilini chiqargani ko‘ringan bo‘lsa-da, voqea keng jamoatchilikning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi.
Qozog‘iston sud hokimiyati rahbariyati holat yuzasidan ichki tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi. Rasmiy izohda sud tizimi obro‘siga putur yetkazuvchi xatti-harakatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu jinoyat ishi viloyatda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib, jabrlanuvchining yuqori mavqei va jamoatchilikning qiziqishi jarayonni yanada e’tiborga molik qilgan.


