Rossiya prezidenti Vladimir Putin ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishga tayyor. Bu haqida AQSH davlat kotibi Marko Rubio Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina yetakchilari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish taklifi AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan. Amerika tomoni hozirda uni tashkillashtirish ustida ishlamoqda.
“Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, umid qilamanki, keyingi uchrashuv prezidentlar Putin, Tramp va Zelenskiy o‘rtasida bo‘ladi. Biz u yerda kelishuvni yakunlaymiz deb umid qilamiz. Putinning “Yaxshi, men Zelenskiy bilan uchrashaman”, degan gapi katta voqea”, dedi AQSH Davlat kotibi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi uchrashuv ehtimolini izohlar ekan, bu juda tez sodir bo‘lmasligini ochiq aytdi.
Reuters agentligi Putin va Zelenskiy Vengriyada ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishi mumkinligini yozmoqda.


