Chexiyada avtomobil yo‘lining ayrim hududida ruxsat etilgan tezlikni 150 km/soatgacha oshirish rejalashtirilmoqda. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, Tabor va Cheske-Budevitse shaharlari orasidagi 50 kilometrlik yo‘lda haydovchilar yuqori tezlikda harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
Yangi tartibni sinov tariqasida joriy etish sentyabr oyining oxiriga belgilangan. “150 km/soat” belgili elektron yo‘l ko‘rsatkichlari faqat qulay ob-havo sharoitida va yo‘lning tig‘iz emasligi holatida ishlaydi. Agar yomg‘ir, qor yoki boshqa noqulay ob-havo kuzatilsa, tizim avtomatik ravishda ruxsat etilgan tezlikni 20 km/soatga pasaytiradi.
Hozirda Chexiya avtomobil yo‘llarida umumiy tezlik chegarasi 130 km/soatni tashkil etadi. Shuningdek, Avstriyada ham 2018–2020-yillarda Vena va Zalsburg oralig‘ida 140 km/soat tezlik cheklovi sinov tariqasida joriy qilingan edi. Biroq loyiha karbonat angidrid chiqindilarining oshishi haqidagi xavotirlar sababli o‘sha paytdagi iqlim ishlari vaziri Leonora Gevessler tomonidan to‘xtatilgan.
Chexiya ushbu tashabbusni amalga oshirsa, Yevropa Ittifoqida eng yuqori tezlik chekloviga ega davlat sifatida tarixda qolishi mumkin.


