O‘zbekistonda ekologik me’yorlarga javob bermaydigan 2 mingdan ortiq avtomobil haydovchilariga nisbatan choralar ko‘rildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
2025-yil 10-avgustdan 10-sentabrgacha respublika bo‘ylab “Toza havo” oyligining ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrida esa bu jarayon 10-sentabrdan 10-oktabrgacha davom etadi. Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlar talablarini bajarish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Aksiyaning maqsadi — avtotransport vositalarining ekologik holatini va ulardan chiqadigan zararli tashlamalarning belgilangan me’yorlarga muvofiqligini tekshirish orqali davlat ekologik nazoratini kuchaytirishdir.
Eslatib o‘tamiz, aksiyaning birinchi bosqichi 2025-yil 10-apreldan 10-maygacha o‘tkazilgan edi. Unda zamonaviy o‘lchash vositalari yordamida 251 858 ta avtomobil tekshirilib, 2 222 ta transport vositasida me’yorlardan chetga chiqish holatlari aniqlandi. Bu umumiy tekshirilganlarning 0,9 foizini tashkil etdi. Har bir holat bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Ikkinchi bosqich mamlakatdagi atmosfera havosi sifatini yaxshilash, transport vositalarining texnik holatining ekologiyaga ta’sirini kamaytirish va jamoatchilikda ekologik mas’uliyatni oshirishga xizmat qiladi.


