5 iyun kuni Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 37 yoshli qassob o‘z uyidagi kushxonada o‘ldirib ketildi.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, qassobning o‘limiga bo‘yin old yuzasi yuqori qismidagi mushaklari qon tomirlari shikastlanishi ortidan qon ketishi sabab bo'lgan. Shuningdek, murda ko‘zdan kechirilganda boshqa tan jarohatlari va ulardan qolgan izlar ham aniqlangan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan haqiqatni aniqlash maqsadida bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan turib, uni jinoyat qurboni bo‘lganligini aniqlash imkoni yo‘q. Shularni inobatga olib, 6 iyun kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


