1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

Radiatsiyaviy halokat va fojia qurbonlari xotirasi

1986-yilning 26-aprel kuni Chernobil Atom elektr stansiyasida jahonda eng yirik deya aytiladigan texnogen fojeasi yuz bergandi.

Radiatsiyaviy halokat va fojia qurbonlari xotirasi

 

Har yili 26 aprel kuni Ukrainada radiatsiyaviy halokat va fojia qurbonlari xotirasi yodga olinadi. Maʼlumki, 1986 yilning shu sanasida Chernobil Atom elektr stansiyasida jahonda eng yirik deya aytiladigan texnogen fojiasi yuz bergan edi. Atom elektr stansiyasining 1983 yil foydalanishga topshirilgan to‘rtinchi blokida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida kelib chiqqan yong‘in ikki hafta davom etgan va atmosferaga katta miqdorda radioaktiv mahsulotlar chiqqan edi. Fojiadan avval to‘rtinchi blok reaktorida 180-190 tonnaga yaqin yadro yoqilg‘isi (uran dioksidi) borligi aytiladi. Taxminlarga qaraganda, yoqilg‘ining 5 foizidan 30 foizigachasi havoga tarqalgan. Insonlarning halok bo‘lishi, zarar ko‘rishi va iqtisodiy talafotlar bo‘yicha mazkur fojia atom energetikasi tarixidagi eng yirik hodisa bo‘lgani tan olinadi.  Chernobil atrofida istiqomat qiluvchi aholi Xirosimada yuz bergan atom fojiasidan 90 barobar ko‘p zarar ko‘rgani maʼlum. Umumiy hisobda 160 ming kvadrat kilometr hudud zaharlangan. Yonayotgan reaktordan chiqqan tutunlar nafaqat Ukraina, Rossiya va Belorus hududlarini, balki Yevropaning sharqiy qismini ham “egallab” oldi.

 

400 mingga yaqin kishi fojia hududlaridan xavfsiz joyga ko‘chirildi. Ularga har qanday buyumlarni olish taqiqlandi. Hatto bolalar ham o‘z o‘yinchoq va qo‘g‘irchoqlarini olishlari mumkin emasdi. Odamlar faqat ustilaridagi liboslarnigina olib, uylarni tashlab ketishlari kerak edi. Odamlar orasida vahima kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida uch kundan keyin uylariga qaytishlari mumkinligi aytildi. Bir so‘z bilan aytganda, aholiga fojia xavfi haqida aniq maʼlumot va o‘zlarini qanday tutishlari haqida tavsiyalar berilmadi.

 

Biroq xorijiy ommaviy axborot vositalarida odamlar hayoti uchun katta tahdid paydo bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. Xorij telekanallarida Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga yopirilib kelayotgan zaharli bulutlar oqimi xaritasi namoyish etila boshlandi. Fojia haqida rasmiy xabar ikki kundan keyingina matbuotda paydo bo‘ldi. 28 aprel kuni “Chernobil atom elektrostansiyasida fojia yuz bergani, bitta atom reaktori ziyon ko‘rgani, falokatni bartarf etishga chora-tadbirlar ko‘rilayotgani, jabrdiydalarga yordam ko‘rsatilayotgani, hodisani o‘rganish maqsadida maxsus hukumat komissiyasi tuzilgani” haqida qisqa xabar paydo bo‘ldi.

 

Fojiadan so‘ng uch oy mobaynida 31 kishi halok bo‘ldi. Kasalliklar oqibatida fojiadan keyingi 15 yil ichida vafot etganlar soni 80 kishiga yetdi. 134 kishi turli kasalliklarga chalindi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti 2005 yil eʼlon qilgan maʼlumotlarga qaraganda, baxtsiz hodisa oqibatida 4 minggga yaqin kishi halok bo‘lgan. Biroq Grinpis va Xalqaro “Shifokorlar yadro urushiga qarshi” tashkiloti birgina talafotni bartaraf etuvchilar orasidan halok bo‘lganlarning soni 10 ming kishini tashkil qilishini aytib keladi. Yevropaning Ukrainaga qo‘shni mamlakatlarida 10 mingga yaqin nosog‘lom chaqaloq tug‘ilgani aytiladi.

 

Fojia talafotlari bundan-da ko‘p bo‘lishi mumkin edi. Ammo o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq talafotlarning kengayib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi. Uni bartaraf etishga 600 mingdan ortiq kishi, jumladan harbiylar ham jalb qilindi. Keyinchalik ular “bartaraf etuvchilar (“likvidatorlar”) deya ataldilar.

 

Shu o‘rinda yong‘inga qarshi kurashda jonbozlik ko‘rsatgan mayor Leonid Petrovich Telyatnikov xizmatlarini alohida taʼkidlash kerak. Butun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olgan Telyatnikov nurlanib, keyinchalik Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tibbiy amaliyot natijasida tirik qoldi. Aynan uning saʼy-harakatlari bilan yong‘inning keng tarqalishiga, to‘g‘rirog‘i alanganing 3-blokka o‘tishiga yo‘l qo‘yilmadi. Mahalliy aholi qo‘l qovushtirib o‘tirmay, maxsus ochilgan “904 hisobi”ga xayriya maqsadida pul o‘tkazishdi. Yarim yil davomida taxminan 520 million dollardan ko‘p mablag‘ to‘plandi.

 

Chernobil fojiasidan xulosa chiqargan bir qator davlatlar atom energetikasidan voz kechishga qaror qildi. Atom elektr stansiyalarini tekshirishda masʼuliyat kuchaydi. Muddatini o‘tab bo‘lgan atom elektrostansiyalari berkitila boshlandi. Jamoatchilik bosimi tufayli 1986 yildan 2002 yilga qadar Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida birorta ham AES qurilmadi. 2003 yilning dekabr oyida BMT Bosh assambleyasi Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligi rahbarlarining 26 aprelni radiatsiya fojiasi va halokatlari qurbonlarini yod etish kuni deb eʼlon qilinishi borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

 

Hozircha fojianing sabablari borasida yakdil fikrlar mavjud emas. Mutaxassislar bu boradagi xulosalarni chiqarishga shoshmayapti. Faqat taxminlar aytiladi. Bu borada mutaxassislar reaktorning quvvati to‘la nazoratda bo‘lmagani fojiaga sabab bo‘lganini  aytishadi.

 

Sharofiddin  To‘laganov

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика