Rossiya va Belarus Ittifoq davlati (ID) doirasida an’anaviy qadriyatlarga asoslangan, “ishonchli va mustaqil” sun’iy intellekt (SI) tizimini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ittifoq davlatining Davlat kotibi Sergey Glazyev Vitebsk shahrida o‘tgan “Ittifoq davlati vaqti: madaniy va axborot makoni” konferensiyasida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda BelTA.
“Biz o‘z qadriyatlarimizga asoslangan, ishonchli, ob’yektiv axborot bera oladigan, o‘zimiz tayanadigan sun’iy intellektni yaratish vazifasini qo‘yganmiz”, — dedi Glazyev.
Uning fikricha, hozirgi yoshlar asosan AQSh va Xitoyda ishlab chiqilgan xorijiy neyrotarmoqlardan foydalanmoqda va bu ularni "manipulyatsiyaga uchratmoqda".
Shuningdek, Glazyev ayrim G‘arbda yaratilgan sun’iy intellektlar testlar chog‘ida irqchilik, fashizmni ulug‘lash va boshqa xavfli g‘oyalarga moyillik bildirganini da’vo qildi. Biroq u bu holatga oid aniq misollarni keltirmadi.
Rasmiylar “suveren neyron tarmoq” orqali Rossiya va Belarusning axborot xavfsizligi, madaniy mustaqilligi va yosh avlod tarbiyasini ta’minlashni ko‘zlamoqda.


