Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi xorijiy mehnat migrantlarini uyushgan holda yollash bo‘yicha yangi tizimni bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirmoqda. Mazkur tizim doirasida migrantlarning mehnat faoliyati maxsus geolokatsiya funksiyasiga ega mobil ilova orqali nazorat qilinadi.
Bu haqda iqtisodchi, P.A. Stolypin nomidagi O‘sish iqtisodiyoti instituti eksperti Oleg Nikolayev Gazeta.ru nashriga bergan izohida maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2027–2029-yillar oralig‘ida Rossiyaning 87 ta hududida migrantlarni uyushgan holda yollash tizimi ishga tushiriladi. Moskva shahri va Moskva viloyati mazkur tajribaga kiritilmaydi.
Yangi tizimga ko‘ra, ish beruvchilar va xorijiy ishchilar maxsus reyestrlarga kiritiladi. Chet elliklarni yollashning boshqa usullari, jumladan mustaqil yoki norasmiy ish faoliyati taqiqlanadi.
Rejaga muvofiq, uyushgan holda yollash tamoyillari bo‘yicha federal qonun 2026-yil 1-mayga qadar ishlab chiqiladi. Migrantlarni jalb etish bo‘yicha ustuvor tarmoqlarni belgilash mexanizmi 1 iyulgacha, axborot tizimi va mobil ilova esa 1-dekabrgacha ishga tushiriladi. Shuningdek, biometrik maʼlumotlarga ega elektron ish vizalarini joriy etish rejalashtirilgan.
Tizimda ikkita asosiy reyestr bo‘ladi: biri ish beruvchilar uchun, ikkinchisi esa chet ellik ishchilar — RIR (xorijiy ishchilar reyestri) hisoblanadi. Faqat reyestrga kiritilgan ish beruvchilar migrantlarni yollash huquqiga ega bo‘ladi. Migrantlar esa faqat belgilangan kasb, ish beruvchi va hudud doirasida ishlashi shart.
Agar xorijiy fuqaro boshqa hududda, boshqa lavozimda yoki boshqa ish beruvchi bilan ishlasa, u RIRdan chiqariladi. Qayta ro‘yxatdan o‘tish huquqi faqat bir yildan so‘ng beriladi. Bundan tashqari, ish beruvchi uch ish kuni davomida xodim bilan aloqa o‘rnata olmasa, migrant “nazorat ostidagi shaxslar reyestri”ga kiritiladi.
Mazkur reyestrga kiritilgan shaxslarning bank kartalari, SIM-kartalari hamda ayrim davlat va tijorat xizmatlaridan foydalanish huquqi vaqtincha cheklanadi. Biroq migrant asosli sabablarni isbotlash orqali ushbu ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.
Ekspertning taʼkidlashicha, Rossiyada ishlayotgan millionlab migrantlar 2027-yil 1-yanvargacha mazkur reyestrlarga kiritilishi lozim bo‘ladi. Tizimning samaradorligi esa amaliyot jarayonida yaqqol namoyon bo‘ladi.


