Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida o‘zbekistonlik fuqaro huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilgan reyd chog‘ida ushlangan. Ma’lum qilinishicha, reyd Minderla qishlog‘idagi parrandachilik xo‘jaligida o‘tkazilgan bo‘lib, u yerda mehnat muhojirlari istiqomat qilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi Bosh konsulligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya ichki ishlar idoralari mazkur hududda immigratsiya qoidalariga rioya etilishi hamda giyohvand moddalar noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash maqsadida tekshiruv o‘tkazgan.
Reyd vaqtida aniqlangan 20 nafar o‘zbekistonlik fuqarolardan faqat bittasi qo‘lga olingan. Uning shaxsi aniqlangan, biroq hibsga olish sabablari hozircha rasman ma’lum qilinmagan.
O‘zbekiston Bosh konsulligi Rossiya tomoni bilan diplomatik kanallar orqali rasmiy axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yganini va mazkur holat yuzasidan batafsil ma’lumot so‘rab so‘rov yuborganini bildirdi.
Konsullik vakillari vaziyatni nazorat ostida ushlab turibdi hamda OAVdan faqat rasmiy manbalarga tayanishlarini so‘ramoqda.


