15-oktyabr kuni Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara’a rasmiy tashrif bilan Moskvaga keldi. Bu uning Suriya rahbari sifatidagi Rossiyaga ilk tashrifi bo‘ldi. Kremlda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ikki yarim soat davom etgan yopiq uchrashuv o‘tkazildi.
Rasmiy manbalarga ko‘ra, uchrashuvda Rossiya prezidenti maslahatchilari, mudofaa vaziri Andrey Belousov hamda harbiy razvedka rahbari Igor Kostyukov ishtirok etgan. Kremldan berilgan qisqa ma’lumotda suhbat tafsilotlari oshkor etilmadi.
Putin muzokaralar avvalida Rossiyaning Suriya bilan aloqalari “siyosiy vaziyat yoki kon’yunktura bilan emas, balki Suriya xalqining manfaatlari bilan bog‘liq” ekanini ta’kidladi. U Moskvaga doim Damashq suverenitetini qo‘llab-quvvatlash tamoyili asosida yondashganini bildirdi.
Prezident Ahmad ash-Shara’a esa Suriya va Rossiya o‘rtasidagi “ko‘p yillik tarixiy aloqalar”ni qayd etib, yangi davrda ushbu munosabatlarni yangicha bosqichda davom ettirish istagini bildirdi. “Dunyo bugun yangi Suriya bilan tanishmoqda”, dedi u.
Tashrifdan avval ayrim xalqaro manbalar muzokaralarda Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalari taqdiri, shuningdek, sobiq prezident Bashar Asadning ekstraditsiyasi masalasi muhokama qilinishi mumkinligini xabar qilgandi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov “aviabaza mavzusi albatta muhokama markazida bo‘lishi mumkin”, deya bildirgan. Reuters’ning yozishicha, ash-Shara’a Rossiyadan iqtisodiy yordam, jumladan, qulay shartlarda bug‘doy yetkazib berishni tiklash hamda urushdan ko‘rilgan zararlarni qoplashga ko‘mak so‘rashni rejalashtirgan.
Manbalarga ko‘ra, Suriya rahbari, shuningdek, Isroilning janubiy Suriya hududida qurolsizlantirilgan zona tashkil etish tashabbuslariga qarshi turish maqsadida Rossiya harbiy politsiyasini qayta joylashtirish masalasini ham ko‘targan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, sobiq prezident Bashar Asad mamlakatni tark etganidan so‘ng Rossiyada siyosiy boshpana olgan. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu qaror Asad hayoti xavf ostida qolganidan keyin qabul qilinganini ma’lum qilgan edi.
Ahmad ash-Shara’a esa avvalroq Rossiya bilan munosabatlar uzilmasligini, aksincha, hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda davom ettirish tarafdori ekanini bildirgan.


