Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Urgut tumanida do‘kon sotuvchisi bir nechta shaxslar tomonidan kaltaklab ketilgani aytilgan video tarqalgandi. Holat yuzasidan viloyat IIB “Zamon.uz”ga rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, voqea 22 sentyabr kuni soat 18:30 larda Urgut tumani “Mergancha” mahallasi hududida joylashgan savdo do‘konlaridan birida yuz bergan. Ushbu do‘konga 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro X.M. o‘zining uch nafar tanishlari bilan birga kelib, bir kun oldin ukasi va ushbu do‘konda savdo qilayotgan fuqaro S.Sh. o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilikni vaj qilib, S.Sh.ni urib tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “G” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi rasmiy izohda.


