Toshkent shahrida transport tirbandliklari tobora keskinlashib borayotgani Senat darajasida muhokamaga sabab bo‘ldi.
Senatning Byudjet va iqtisodiyot masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev Transport vazirligiga rasmiy so‘rov yubordi. Unda poytaxtdagi yo‘l harakati muammolari aholining kundalik hayoti va ish faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etilgan.
Ma’lum qilinishicha, yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan avtomobillar soni ortgan va tirbandliklar yanada kuchaygan. Natijada Toshkent yo‘llarida tirbandlik darajasi eng yuqori ko‘rsatkich – 10 ballga yetgan.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, har kuni poytaxtga qariyb 1 million kishi qatnaydi, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan kirib keladi. Ertalab minglab avtomobillar shaharga oqib kirsa, kechqurun esa shahar tashqarisiga katta oqim kuzatiladi.
Senat so‘roviga ko‘ra, Transport vazirligidan yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, “Intellektual transport tizimi”ni joriy etish jarayoni hamda jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga integratsiyalash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil hisobot talab qilinmoqda.


