Bolalar ombudsmani nazoratida bo‘lgan navbatdagi holatda, Surxondaryo viloyati Denov tumanida voyaga yetmagan qizning turmushga chiqarilgani aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 8-iyul kuni Denov tumanida yashovchi fuqaro M.R. (1958-yilda tug‘ilgan ayol) o‘zining nabirasi A.R.ni (2009-yilda tug‘ilgan) mazkur tumanda yashovchi M.R.ga (1997-yilda tug‘ilgan erkak) turmushga berish marosimini tashkil etgan. Qiz voyaga yetmaganligi sababli nikoh qonuniy tartibda qayd etilmagan. Shunga qaramay, fuqaro I.M. (1950-yilda tug‘ilgan erkak) moddiy manfaat evaziga ularga shar’iy nikoh marosimini o‘tkazib bergan.
Holat yuzasidan 2025-yil 22-sentyabr kuni fuqaro I.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 125-1-moddasi, fuqaro M.R.ga nisbatan esa 128-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Denov tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani voyaga yetmaganlarni erta nikohga majbur qilish holatlarini keskin qoralaydi. Bunday amaliyot bola huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishi bo‘lib, qonunda belgilangan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatib o‘tildi.


