Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) yarim o‘rta vazn toifasi chempioni, amerikalik Rolando Romero o‘zbekistonlik bokschi Shahram G‘iyosovga qarshi jang o‘tkazishi shartligi haqida rasman qaror chiqardi. Bu haqda tashkilot 14-oktyabr kuni e’lon qilgan bayonotida ma’lum qildi.
WBA qoidalariga ko‘ra, Romero chempionlik kamarini qo‘lga kiritganidan so‘ng 120 kun ichida uni himoya qilishi lozim edi. Bu muddat 1-sentyabr kuni yakunlangani sababli, endilikda u G‘iyosovga qarshi ringga chiqishi majburiy bo‘ldi.
“Romero kamarni olganidan so‘ng 120 kun ichida uni himoya qilishi kerak edi. Bu muddat 1-sentyabrda tugadi. Shu bois, majburiy jang to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, — deyiladi WBA bayonotida.
Assotsiatsiya Romero va G‘iyosov promouterlariga 13-oktyabrdan 13-noyabrgacha bo‘lgan 30 kunlik muzokara muddati berdi. Agar tomonlar bu davr ichida kelishuvga erisha olmasa, jangni tashkil etish huquqi ochiq auksion orqali aniqlanadi.
Rolando Romero professional faoliyati davomida 19 ta jang o‘tkazib, 17 marotaba g‘alaba qozongan (shundan 13 tasi nokaut bilan yakunlangan) va 2 marta mag‘lub bo‘lgan.
Shahram G‘iyosov esa professional ringda hali mag‘lubiyat nimaligini bilmaydi. 17 ta jangning barchasida g‘alaba qozongan (10 tasi nokaut). So‘nggi marta u 2025-yil 13-aprel kuni AQSHning Atlantik-Siti shahrida argentinalik Franko Maksimiliano Okampoga qarshi ringga chiqib, raqibini 4-raundda nokautga uchratgan edi.


