Andijon viloyatining Shahrixon tumanida o‘tkazilgan ekologik reyd vaqtida buzilgan tandirning qiymati tuman hokimi tomonidan qoplab berilgan. Bu haqda Shahrikhon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Rahmatillo Razzaqov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, tuman hokimi ko‘rsatmasi bilan umumiy ovqatlanish obyektlarida yo‘l chetida noqonuniy o‘rnatilgan tandirlar bo‘yicha reyd o‘tkazilgan. Tadbir davomida bitta tandir buzilgan, yana ikkita tandir esa ichkariga ko‘chirilib, hozirda foydalanilmoqda. “Buzilgan tandir pulini hokim o‘z cho‘ntagidan to‘lab berdi”, — dedi Razzaqov.
Biroq tuman hokimligi o‘zining rasmiy sahifalarida e’lon qilgan videoda uchta turli ko‘rinishdagi tandirning buzilgani aks etgan, bu esa rasmiy ma’lumotlar bilan farq qiladi.


