19-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mazkur tashabbuslar davlat rahbarining 2025-yil 7-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlari asosida sohaga oid mutaxassislar, aholining fikrlari hamda xususiy sektor vakillari ishtirokida ishlab chiqildi.
Yig‘ilishda:
1 500 ta klinik protokolni xalqaro talablarga moslashtirish, keng tarqalgan kasalliklar bo‘yicha raqamlashtirilgan bemor yo‘riqnomalarini ishlab chiqish;
gipertoniya, yurak ishemik kasalligi va diabetning oldini olish maqsadida sun’iy intellekt asosida yangi protokol va usullarni joriy etish;
Toshkentda 250 o‘rinli Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya markazi tashkil etish;
2030-yilgacha 198 ta markazlashgan laboratoriya ochish va ularni to‘liq raqamlashtirish;
oliy va professional tibbiy ta’limni xalqaro talablarga moslashtirish, hamshiralarni xalqaro sertifikatlash tizimini joriy etish;
qon xizmati xavfsizligini ta’minlash va farmatsevtika sohasida xalqaro standartlarni qo‘llash kabi tashabbuslar muhokama qilindi.
Prezident ilgari surilgan takliflarni ma’qullab, sohaga oid tegishli hujjatlarni imzoladi hamda belgilangan vazifalarning sifatli ijrosini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.


