Poytaxtning Shayxontohur tumanida joylashgan “Chorsu” bozori yaqinidagi avtoturargohda sodir bo‘lgan o‘g‘irlik jinoyati yuzasidan tezkor chora ko‘rildi. Ichki ishlar organlariga soat 09:30 da avtomashina ichidan katta miqdordagi pul yo‘qolgani haqida xabar kelib tushgan.
Tezkor-tergov guruhi voqea joyiga yetib borib, kuzatuv kameralarini o‘rganish orqali jinoyatchining shaxsini aniqladi. U avval sudlangan, Toshkent shahrida yashovchi Oybek ismli fuqaro ekani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv davomida gumonlanuvchi o‘z qilmishini tan oldi. U oq rangli “Neksiya-2” avtomobilining eshigini buzib, salondan pullarni olib ketganini aytgan. Olingan mablag‘ning bir qismini aliment qarzini to‘lashga, qolganini esa shaxsiy maishiy ehtiyojlarga sarflaganini bildirgan.
Surishtiruvda aniqlanishicha, ushbu shaxs ilgari ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) va 276-moddasi (giyohvand moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash) bo‘yicha sudlangan.
Hozirda unga nisbatan yana Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va u qamoqqa olindi.


