Shveytsariyaning janubida joylashgan Kran-Montana chang‘i kurortida Yangi yil bayrami arafasida yuz bergan yong‘in oqibatida qariyb 40 kishi halok bo‘ldi. Hodisa 1-yanvarga o‘tar kechasi soat 01:30 atrofida Le Constellation nomli barda sodir bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yana 115 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, ularning aksariyatida og‘ir kuyishlar aniqlangan. Bu haqda mamlakat politsiyasi ma’lum qildi.
Favqulodda xizmatlar qisqa vaqt ichida voqea joyiga yetib kelgan. Qutqaruv ishlariga 13 ta vertolyot, 40 dan ortiq tez yordam mashinasi va 150 ga yaqin qutqaruvchi jalb etilgan. Jarohatlanganlar Shveytsariyaning Sion, Lozanna, Tsyurix va Jeneva shaharlaridagi ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan. Rasmiylar qurbonlar orasida bir nechta davlat fuqarolari borligini bildirgan.
Shveytsariya rasmiylari yong‘in sabablari hozircha aniqlanmaganini, hodisa terrorchilik bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi. Voqea yuzasidan tergov ishlari boshlangan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham hodisaga munosabat bildirib, vafot etganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari aniqlanmaganini ma’lum qildi hamda marhumlarning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.


