“Keng ko‘lamli islohotlarimizning ilk kunlaridan boshlab men bir fikrni doim taʼkidlab kelaman: tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam.
Shu bois tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazdan tortib eng quyi bo‘g‘ingacha – barcha rahbarlarning kundalik ishi bo‘lishi shart”, - dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.
Ayniqsa, joylarda hokimlar har bir tadbirkor bilan ko‘proq muloqot qilib, korxonalarga borib, ularni dardi bilan yashashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi aʼzolari davlat va tadbirkorlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, aniq takliflarni o‘rtaga qo‘yib kelayotgani alohida taʼkidlandi. Natijada joriy yilning o‘zida tadbirkorlar faoliyati uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilindi.
Prezidentimiz kengash aʼzolariga, ular orqali butun ishbilarmonlar hamjamiyatiga ana shunday faollik uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.


