Tailand va Kambodja delegatsiyalari o‘rtasida Kuala-Lumpurda o‘tkazilayotgan ikki tomonlama chegara qo‘mitasi yig‘ilishi doirasida o‘t ochishni to‘xtatish hamda uni monitoring qilish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Bu haqda Malayziya Qurolli kuchlari qo‘mondoni general Mohd Nizom Jaffar Bernama agentligiga ma’lum qildi.
Muzokaralar 4–7 avgust kunlari yopiq eshiklar ortida, har ikki tomonning 40 nafardan ortiq vakili ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Tailand va Kambodja mudofaa vazirlari boshchiligidagi yakuniy yig‘ilish 7 avgust kuni Malayziyadan tashrif buyurgan kuzatuvchilar, ASEAN raisi, shuningdek, AQSH va Xitoy vakillari ishtirokida o‘tkazilishi belgilangan.
General Jaffarning so‘zlariga ko‘ra, texnik topshiriq asosida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat qilish mexanizmi ishlab chiqilgan. Bu vazifani ASEAN davlatlari harbiy attashyelarining vaqtinchalik va doimiy kuzatuvchi guruhlari amalga oshiradi hamda chegara hududidagi vaziyatni doimiy tarzda nazorat qiladi.


