Xitoyning Guandon provinsiyasida iyul oyidan buyon chikungunya virusi bilan bog‘liq 7000 dan ortiq holat qayd etildi. Mahalliy rasmiylar hududda profilaktik va karantin tadbirlarini kuchaytirmoqda.
Chikungunya virusi faqat chivinlar orqali yuqadi. U isitma va bo‘g‘imlardagi kuchli og‘riqlarni keltirib chiqaradi, ayrim holatlarda alomatlar yillar davomida yo‘qolmasligi mumkin. Virus odamdan odamga yuqmaydi — faqat virusni yuqtirgan odamni chaqqan chivin vositasida tarqaladi.
Xitoy rasmiylarining ta’kidlashicha, hozircha kasallik yengil shaklda kechmoqda va bemorlarning 95 foizi bir hafta ichida sog‘ayib chiqmoqda. Chikungunya epidemiyasi asosan Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Afrikada uchrab turadi, ammo Xitoyda bu miqyosda ilk bor qayd etilmoqda.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu virus mamlakatimizda tarqalishi ehtimoldan yiroq. Chunki kasallikni yuqtiruvchi chivinlar O‘zbekiston hududida uchramaydi.


