1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Tarix va xalq vijdoni bilan muloqot

Islom Sivilizatsiyasi markazi rahbari markaz ochilishiga bag‘ishlab yozilgan maqola uchun muallifga minnatdorchilik bildirdi.

Tarix va xalq vijdoni bilan muloqot

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nomidan muallif Qudratilla Rafiqovga «Alamim bor» sarlavhasi ostida  “Ishonch” gazetasida chop etilgan, O‘zbekiston tarixi va Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishiga bag‘ishlangan chuqur tahliliy maqolasi uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz.

 

Bu muhim asar mazmun jihatdan chuqur, yuqori darajada professional mahorat bilan yozilgan va yuksak madaniy qimmatga ega. U publitsistika emas, balki tarix va xalq vijdoni bilan qilingan samimiy suhbatdir. Asar nafaqat tadqiqot, balki fikrni jamiyatga yorqin va ishonarli yetkazib berish mahorati va malakasi hamdir. Bu esa maqolani yuqori intellektual darajaga ko‘taradi.

 

Maqolaning har bir satrida yo‘qotilgan imkoniyatlar uchun to‘xtovsiz alam, o‘tmishdagi befarqliklar uchun iztirob his etiladi. Ayniqsa, muallifning uzoq yillar davomida buyuk hukmdor va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan merosni jahonga ko‘rsata olmaganimiz haqidagi mulohazalari o‘quvchiga kuchli taʼsir qiladi. «Nega? Nega? Nega?..» degan ritorik savollar tarix va madaniyatimiz taqdiri haqida o‘ylagan har bir inson qalbidagi umumiy iztirobning ifodasiga aylanadi. Maqola madaniy-tarixiy merosimizni saqlash va rivojlantirish borasida har birimiz zimmamizdagi masʼuliyatni chuqur anglashga yordam beradi.

 

Iztirobli o‘ylar bilan bir qatorda, maqola umid nurlari, Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat va uning kelajagiga ishonch bilan yo‘g‘rilgan. Shu maʼnoda muallif o‘z asarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy rolini alohida taʼkidlaydi. Davlat rahbari amalga oshirayotgan keng ko‘lamli loyihalar milliy ongni mustahkamlash, tarixiy xotirani asrab-avaylash, maʼrifatparvarlik va madaniy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan betakror hissasini xalqaro miqyosda ravshan va ishonarli namoyish etishga qaratilgan.

 

Muallif taʼkidlaganidek, mamlakat Prezidentining shaxsiy tashabbusi va bevosita ko‘magi tufayli Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi. U mamlakatning maʼnaviy va madaniy uyg‘onishining yangi va ulug‘vor ramziga aylandi. Markaz faqat boy tariximiz, ilm-fan va sanʼat merosimizni saqlash va ommalashtirish bilan cheklanmay, balki butun dunyodan olimlar va tadqiqotchilarni birlashtiradi. Bu esa xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikka kuchli turtki beradi.

 

Maqola Markazni faqat muzey yoki ilmiy maydon sifatida emas, balki xalq xotirasini saqlaydigan, kelajak avlodlarga ilhom bag‘ishlaydigan va xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlaydigan tirik platforma sifatida ko‘rishga yordam beradi. Muallif keltirgan dalillar Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan Markazning ahamiyati va uning maʼrifiy missiyasi haqida keng jamoatchilikning xabardorligini oshiradi.

 

Darhaqiqat, ushbu betakror loyiha o‘tmish va kelajakni, anʼana va zamonaviylikni uyg‘unlashtiradi, ilm-fan va madaniyat muloqoti uchun yangi maydon yaratadi, zamonaviy insonning dunyoqarashiga ming yillik tarixning buyukligi bilan yuzma-yuz kelish imkonini beradi. Biz yana bir bor davlatimiz rahbariga xalqimiz faxri va abadiy merosiga aylanadigan bu ulkan madaniy-maʼrifiy mega-loyihani mualliflik g‘oyasi sifatida ilgari surgani va muvaffaqiyat bilan amalga oshirgani uchun minnatdorchilik bildiramiz.

 

Muallifga bu asar uchun, u ko‘targan murakkab, ammo juda zarur mavzularga nisbatan samimiy munosabati uchun chuqur minnatdorchilik izhor etamiz. Qudratillo Mirsag‘atovichga  yangi g‘oyalarga boy yana-da katta ijodiy yutuqlarga erishishlarini tilaymiz. Ushbu asar ko‘plab zamondoshlarimizning maʼnaviy uyg‘onishi uchun manba bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz.

 


                                                                                                                                                  Firdavs Abduxoliqov, 
                                                                                           O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика