Tayvanda 2025 yil boshidan beri dunyoda kuzatilgan eng kuchli tabiiy ofatlardan biri — “Ragasa” super-tayfuni katta vayronagarchilik keltirdi. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni kamida 14 kishini tashkil etmoqda, yuzlab insonlar jarohatlangan.
Hualien uyezdi yaqinida kuchli yog‘ingarchilik va yer ko‘chkisi natijasida hosil bo‘lgan “barrier lake” (tog‘ to‘siq ko‘li) yorilib, suv toshqinlari yuz berdi. Natijada Guangfu shahri atrofidagi ko‘prik va uylar vayron bo‘ldi, ayrim hududlarda suv sathi ikki qavatli uylar darajasiga ko‘tarilgan.
Mahalliy aholi xavfsizlik choralarini ko‘rishga majbur bo‘ldi: ko‘plab odamlar uy tomlariga chiqib jon saqlagan, ayrimlari esa vaqtincha boshpanalarga joylashtirilgan. Tayvanning sharqiy hududlarida transport to‘liq izdan chiqqan, yo‘llar va temir yo‘llar katta zarar ko‘rgan.
Tayfun nafaqat Tayvanga, balki Xitoyning janubiy hududlariga ham katta taʼsir ko‘rsatdi. Guangdong provinsiyasida 1,9 milliondan ortiq odam evakuatsiya qilindi, maktablar va davlat idoralari yopildi, parvozlar hamda poyezd qatnovlari bekor qilindi.
Mutaxassislar “Ragasa”ni so‘nggi yillarda mintaqada kuzatilgan eng kuchli tropik bo‘ronlardan biri sifatida baholamoqda. Havo oqimlari soatiga 200 kilometr tezlikka yetgani, kuchli shamol va toshqinlar birgalikda katta vayronagarchilik keltirgani qayd etilmoqda.
Rasmiylar halok bo‘lganlar soni oshishi mumkinligini istisno qilmayapti. Qutqaruvchilar esa hozircha vayron bo‘lgan uylar va suv bosgan hududlarda qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda.


