Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlab, Rossiya va Xitoy haqida keskin bayonotlar bilan chiqdi.
Zelenskiyning taʼkidlashicha, Vladimir Putin Ukraina bilan urushni to‘xtatish haqida bevosita muzokaralar o‘tkazishdan qo‘rqadi.
“Putin Ukraina va butun dunyo bilan yuzma-yuz o‘tirib, faqat urushni istashini ochiq tan olishdan qo‘rqadi. Shu bois u delegatlarini yuborib, qon to‘kilishni to‘xtatishga intilayotgandek ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Ammo bu — diplomatik ko‘zbo‘yamachilik xolos”, — dedi Ukraina rahbari.
U, shuningdek, Xitoyga murojaat qilib, Rossiyaning hozirda unga qattiq bog‘liq ekanini taʼkidladi: “Agar Xitoy chindan ham bu urushni to‘xtatmoqchi bo‘lsa, Moskvani bosqinni to‘xtatishga majbur qilgan bo‘lardi. Xitoysiz Putin Rossiyasi hech narsa emas. Biroq Xitoy ko‘p hollarda jim turadi va tinchlik yo‘lida faol harakat qilish o‘rniga kuzatuvchi bo‘lib qolmoqda”, — dedi Zelenskiy.
Shu bilan birga, Ukraina prezidenti AQSHning sobiq rahbari Donald Tramp bilan uchrashuvi haqida ham to‘xtalib, uni “ajoyib” deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular tinchlikka erishish bo‘yicha bir nechta g‘oyalarni muhokama qilgan va bu g‘oyalar samara berishiga umid bildirgan.
“Biz Qo‘shma Shtatlarning harakatlari Rossiyani tinchlikka majburlashiga ishonamiz. Moskva AQSHdan qo‘rqadi va doimo unga eʼtibor qaratgan”, — dedi Zelenskiy.


