2023 yilning aprel oyi o‘rtalarida Tojikistondagi uzumzorlarga yanvar oyining qattiq sovuqlari taʼsiri maʼlum bo‘ldi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Hisor vodiysi uzumzorlari eng ko‘p zarar ko‘rgan, Xatlon va So‘g‘d viloyatlaridagi tokzorlarga esa deyarli taʼsir ko‘rsatmagan.
Tursunzoda, Shahrinav va Hisor fermerlariga tegishli tokzorlarning 80 foizdan ortig‘i sovuqdan nobud bo‘lgan. Endi uzumzorlarni tiklash uchun uch-to‘rt yil kerak bo‘ladi.
Tursunzodalik fermerning aytishicha, bu yilgi hosil juda kam bo‘ladi va o‘tgan yilgi hosilning atigi 10-15 foizini tashkil etadi. Mahalliy fermerlarning fikricha, kelasi yildan boshlab uzum yetishtirishni har yili 20-25 foizga bosqichma-bosqich oshirib borish mumkin bo‘ladi va faqat 4 yildan so‘ng mahsulot yetishtirish 2022 yilgi hosil darajasiga yetkaziladi. Buning uchun katta mablag‘ va kuch zarur, chunki qurib qolgan tokzorlarni to‘liq yangilash kerak.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) xalqaro maslahatchisi Baxtiyor Abduvohidov sovuqning Hisor vodiysi uzumchilari uchun halokatli oqibatlarini tasdiqladi.
“Bu yil mazkur viloyatda uzum hosili deyarli bo‘lmaydi. Sovuq deyarli barcha uzum navlarining tokzorlariga zarar yetkazdi, baʼzi navlar zarar ko‘rib, boshqalariga ziyon yetmagan, deb aytib bo‘lmaydi”, — dedi u.
Shu bilan birga, Baxtiyor Abduvohidovning xabariga ko‘ra, mamlakat shimoli, xususan, So‘g‘d viloyatidagi tokzorlarda barcha ishlar reja asosida ketmoqda va hosil kutilgan darajada bo‘ladi.


