1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkent viloyatida ovqatdan zaharlangan bolalar to‘liq sog‘aydi

2-oktabrdan boshlab barcha maktabgacha ta’lim muassasalari odatiy ish rejimida faoliyatini davom ettiradi.

Toshkent viloyatida ovqatdan zaharlangan bolalar to‘liq sog‘aydi

Toshkent viloyatida bir necha maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar salomatligi bilan bog‘liq holat kuzatilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi shuni alohida ta’kidlaydiki, barcha bolalar sog‘lom holatda o‘z oilalariga qaytdi. Shifokorlar tomonidan zarur davolash ishlari o‘z vaqtida tashkil etilib, bolalarning sog‘ligiga xavf tug‘diruvchi omillar yo‘qligi rasman tasdiqlandi.

 

Mazkur holatni bartaraf etish bo‘yicha Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi bilan birgalikda zarur choralarni amalga oshirdi. Shu davr mobaynida Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilikni muntazam ravishda ma’lumot bilan ta’minlab bordi.

 

2-oktabrdan boshlab barcha bog‘chalar odatiy ish rejimida faoliyatini davom ettiradi.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida umumiy ovqatlanish xizmatlari xususiy korxonalar tomonidan autsorsing asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu shartnomalarda sanitariya qoidalari va me’yorlariga rioya qilish talabi aniq belgilangan.

 

Vazirlik ushbu masalada o‘zining yuqori mas’uliyatini chuqur anglab, nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytiradi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda voqea har tomonlama o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan shartnomalar qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi.

 

Shu munosabat bilan barcha ovqatlanish xizmatini ko‘rsatayotgan tashkilotlarga murojaat qilinadi: farzandlarimiz sog‘ligi — eng oliy qadriyat. Oziq-ovqat sifati hisobiga xarajatlarni qisqartirish yoki sanitariya qoidalariga bepisandlikka aslo yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Nazoratni kuchaytirish maqsadida ota-onalar, ekspertlar va jurnalistlardan iborat jamoatchilik komissiyasi jarayonga jalb etiladi va ularning xulosalari muntazam e’lon qilib boriladi.

 

Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi kelgusida bunday holatlar qaytarilmasligi uchun tizimli choralar ko‘rmoqda. Prokuratura organlari, Iqtisodiyot va moliya hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda barcha zarur ishlar amalga oshiriladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика