Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar qilishicha, departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.M. va boshqalar fuqaro A.ga 15 dona “Tropikamid” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 1,5 million so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Qayd etilishicha, ularning yonida bo‘lgan 41 dona “Tropikamid”, 22 dona “Regapen”, 18 dona “Selofen” va 17 dona “Zardeks” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Taʼkidlanishicha, huddi shunday holat departamentning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham fuqaro N.Q. fuqaro B.ga 4 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 100 ming so‘mga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, uning yonida bo‘lgan 111 dona “Zardeks”, 27 dona “Regapen”, 11 dona “Selofen” va 8 dona “Tropikamid” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yarim tunda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini olib yurgan shaxslar ushlangandi.
Avvalroq kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yilgani, Toshkentda kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarini sotayotgan dorixonalar aniqlangani, Sirdaryoda kuchli taʼsir qiluvchi “Tropikamid” dori vositasini sotayotgan shaxs ushlangani hamda noqonuniy dori vositalari ortidan daromad olish rejasi amalga oshmagani haqida xabar berilgandi.


