Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumani, Salar ko‘chasi, “Dilbuloq” mahallasidagi ko‘p qavatli uylar hududida yer cho‘kishi yuzaga kelgani haqida tarqalgan xabar bo‘yicha rasmiy izoh berildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur hududdagi qurilish ishlari “LYUКS LOYIHA” MCHJ tomonidan tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha uchun “Arxitektura va shaharsozlik kengashi” ishchi organi hamda “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKning ijobiy xulosalari ham olingan. Qurilish obyektining A-bloki Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan. Shu kunga qadar inspeksiya obyektda 10 marta monitoring o‘tkazib, 11 ta yozma ko‘rsatma bergan va buyurtmachini ikki marta ma’muriy javobgarlikka tortgan.
Biroq G4-blok bo‘yicha vaziyat boshqacha ekani aytilmoqda. Ushbu blok “Arxitektura va shaharsozlik kengashi”dan ijobiy xulosa olgan bo‘lsa-da, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKdan xulosa olinmagan. Shu sababli bu blok inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tmagan va qurilish ishlari noqonuniy boshlangan. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Shuningdek, tekshiruvlarda aniqlanishicha, buyurtmachi “O‘ZKOMMAISHIYSAVDO” MCHJ tomonidan G4-blok uchun kotlovan qazish ishlari olib borilayotganda hududdagi elektr transformatorida nosozlik yuzaga kelgan. Natijada, kotlovandagi sizot suvlarini chiqarish imkoni bo‘lmagan, suv darajasi ko‘tarilib ketgan va qo‘shni “Grand Capital” MCHJ tomonidan ilgari qurilgan yerosti avtomashina turarjoyi ostidagi qayta ko‘milgan joylarda tuproq siljishi kuzatilgan. Bu holat sirpanishga sabab bo‘lgan.
Hozirda inspeksiya tomonidan ushbu vaziyat bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.


