Saudiya Arabistonidagi xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. “Dunyo” agentligi xabariga ko‘ra, fuqaro N.H. 25-iyun kuni Bahrayndan turistik viza bilan Ar-Riyoz shahriga borgan, 8-iyul kuni esa “Al-Masif” departamenti tomonidan qo‘lga olingan.
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan olib borilgan muzokaralar natijasida uni vatanga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Shuningdek, xorijga chiqish pasportini yo‘qotgani bois, unga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib berilgan. Uning aviachipta xarajatlari to‘liq Saudiya Arabistoni tomonidan qoplab berildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 30-iyuldan 30-avgustgacha davom etayotgan “Vatanga qaytarish” xayriya gumanitar aksiyasi doirasida chet elda qiyin sharoitga tushib qolgan vatandoshlarni uyga qaytarish ishlari olib borilmoqda. Shu vaqtgacha Saudiya Arabistonida oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan yana bir fuqaro ham vatanga qaytarilgan edi.
Mazkur aksiya orqali Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSh va Koreyadagi deportatsiya markazlarida bo‘lgan o‘zbekistonliklar bosqichma-bosqich qaytarilmoqda. Qaytgan fuqarolarni jamiyatga moslashtirish maqsadida ularga davlat tomonidan subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va bandlik dasturlari orqali yordam ko‘rsatilmoqda.


