Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida ilk bor harbiylar o‘rtasida 25-Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqada 13 davlatdan 120 nafar professional sportchi ishtirok etdi.
Triatlon bo‘yicha bellashuvlarda sportchilar suzish, veloyurish va yugurish yo‘nalishlarida yakka, jamoaviy hamda senior toifalarida bahs olib bordi. Musobaqa davomida sportchilar o‘z mahoratlarini namoyish qilib, yurtlari sharafini himoya qildi.
Elita yo‘nalishida erkaklar o‘rtasida Fransiyalik Conninx Dorian (49:50) g‘olib bo‘ldi. Ayollar elita bahsida esa yana Fransiya vakili Matilda Gauthier (56:47) birinchi o‘rinni egalladi. Senior yo‘nalishida erkaklar o‘rtasida Rossiyalik Kirill Goldovskiy (56:27), ayollar orasida esa Anastasiya Abrosimova (1:24:24) g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Jamoaviy bahslarda Shveytsariya birinchi, Fransiya ikkinchi, Rossiya uchinchi, O‘zbekiston esa to‘rtinchi o‘rinni oldi. Umumiy natijalarga ko‘ra, chempionatda Fransiya birinchi, Rossiya ikkinchi, O‘zbekiston esa faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.


