Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, Departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi.
Maʼlum qilinishicha, YATT I.M. “A.” MCHJ shaklidagi sug‘urta kompaniyasi bilan agentlik bitimini tuzgan. U 1 712 dona sug‘urta polislarini realizatsiya qilishdan tushgan 145,3 million so‘mni MCHJ hisob raqamiga o‘tkazmay, o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda fuqaroga imtiyoz asosida uy olib berishni vaʼda qilgan firibgar ushlangani, sobiq bank xodimi 9 nafar fuqaroning omonatiga xiyonat qilgani, tadbirkorning 1 milliard so‘mini qo‘lga kiritgan shaxs qo‘lga olingani hamda Sergelida 32,5 ming dollarni o‘zlashtirib yuborgan bank kassiri va bosh mutaxassisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.


