Toshkent shahrida huquq-tartibot organlari tomonidan Telegram messenjeri orqali sintetik giyohvand moddalarni noqonuniy tarqatgan jinoiy guruh fosh etildi.
Yunusobod va Mirobod tumanlarida o‘tkazilgan tezkor-tadbirlar davomida gumonlanuvchilardan jami 109 gramm sintetik giyohvand modda aniqlanib, daliliy-ashyolar tariqasida olib qo‘yildi. Olib borilgan tergov-oldi tekshiruvlar natijasida giyohvandlar tarmog‘i faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Telegram-do‘kon yopilib, tarqatishga mo‘ljallangan jami 545 dona preparat, umumiy qiymati taxminan 131 million so‘mlik moddalar ishlab chiqarish va tarqatilishining oldi olindi.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchilar internet-do‘kon orqali buyurtmani qabul qilib, “joylashtirish” va kurerlar orqali yetkazib berish tizimini tashkil qilgan. Ushbu sxemada ishtirok etgan shaxslar o‘z jinoyatlarini tan olishgan va faoliyatlarini Telegram kanali orqali yo‘lga qo‘yganliklarini ma’lum qilishgan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini noqonuniy tayyorlash, saqlash va tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi, tergov harakatlari davom etmoqda.
Toshkent shahar IIBB hodisani o‘rganish, tarqatish tarmog‘i va yetkazib beruvchilarni aniqlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. Tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi.


