Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida “Spark” rusumli avtomobil haydovchisining yo‘l harakati qoidalarini buzishi natijasida velosipedchi jarohat oldi.
Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 16-oktabr kuni soat 08:10 atrofida A-373 “Toshkent–O‘sh” avtomobil yo‘lining Mustaqillik va Andijon ko‘chalari kesishmasida sodir bo‘lgan. 61 yoshli “Spark” haydovchisi orqaga burilishga uringan vaqtida harakatlanib kelayotgan “Lacetti” bilan to‘qnashgan.
To‘qnashuv oqibatida “Lacetti” yo‘l chetiga chiqib ketib, u yerda turgan 34 yoshli velosipedchini urib yuborgan. Velosipedchi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Uning sog‘lig‘i holati hozircha oshkor etilmagan.
Holat yuzasidan tegishli tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


