Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida yuk mashinasi Cobalt rusumli avtomobilni bir necha metrga surib ketgani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi maʼlumot berdi.
Hodisa joriy yilning 16 oktyabr kuni soat 14:20 lar atrofida Nukus shahri hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining 3-4-kilometri oralig‘ida yuz bergan. 1960 yilda tug‘ilgan Turkiya Respublikasi fuqarosi D.M. Mercedes-Benz rusumli yuk avtomobilini boshqarib ketayotib, 1993 yil Nukus shahrida tug‘ilgan R.E. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan va yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olganlar bo‘lmagan. Ushbu holat bo‘yicha Nukus shahri IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


