Joriy yilning may oyida Samarqand viloyatining Samarqand shahridagi uyda portlash yuz berib, oqibatda 7 kishi halok bo‘lgandi. Mazkur voqea yuzasidan olib borilgan tergov ishlari yakunlanib, jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi eʼlon qilindi.
Maʼlum bo‘lishicha, portlashga sabab bo‘lgan gaz tarmog‘i loyiha va texnik shartlarsiz, xavfsizlik talablariga zid tarzda yotqizilgan. Xonadon egalari portlashdan avval 11 marotaba tegishli tashkilotga murojaat qilgan, biroq bu murojaatlar eʼtiborsiz qoldirilgan.
“Samarqand hudud gaz taʼminoti” korxonasi xodimlarining loqaydligi oqibatida tabiiy gaz markaziy oqova qudug‘iga sizib, chaqnash sodir bo‘lgan. Portlash oqibatida bir oilaning yetti aʼzosi halok bo‘lgan, bir necha uy zarar ko‘rgan.
Sud majlisida korxonaning to‘rt nafar masʼul xodimi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “a”, «B» bandlari bo‘yicha aybli deb topilgan va har biri 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Endi Samarqand gaz taʼminoti korxonasidan qariyb 6 milliard so‘m portlash oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolar foydasiga undiriladi.


