Shu kunlarda Yevropa transfer bozorida bir qator yangiliklar kuzatildi. Zamon.uz so‘nggi vaqtlarda amalga oshirilgan transferlar haqida batafsil maʼlumotlarni taqdim etadi.
Mbappe “PSJ”ga qoladi
Ushbu transfer oynasining asosiy mavzusi Kilian Mbappe atrofida bo‘lmoqda. Hujumchi uch hafta oldin “PSJ”ning asosiy jamoasidan chetlashtirilgan edi va endi Liga 1 1-turidan ko‘p o‘tmay, futbolchi jamoaga qaytarildi. Klubning taʼkidlashicha, bu qaror “Loren” bilan muvaffaqiyasiz o‘yindan oldin qabul qilingan. "The Atletic" nashri xabariga ko‘ra, Parij klubi Mbappening shartnomani uzaytirishidan hamon umidvor, boshqa nashrlarning xabariga ko‘ra, futbolchi hattoki jamoadan tekinga ketmaslikka vaʼda bergan.
Neymar Saudiyaga ko‘chib o‘tadi
Neymarning “Al-Hilol”ga o‘tishi deyarli aniq bo‘ldi. Qayd etilishicha, braziliyalik futbolchi ikki yilda 160 million yevro ishlab topadi, “PSJ” esa 60 million yevro oladi. Bundan oldin Neymar ham “Loren” bilan bo‘lgan o‘yinda qaydnomaga kiritilmagandi.
Manchini kutilmaganda Italiya terma jamoasini tark etdi
Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Manchini Yevro-2024 boshlanishiga 10 oy qolganida o‘z lavozimini tark etdi. Aftidan bu jamoaning natijalari bilan bog‘liq emas. Keyinroq italiyalik jurnalist Nikolo Shira murabbiy Saudiya Arabistoni terma jamoasini boshqarishga yaqin turgani haqida xabar berdi.
"Al-Ahli" Zelinskiyga qiziqmoqda
“Napoli” yarim himoyachisi Zelinskiyning Saudiya Arabistoniga o‘tishi haqidagi maʼlumotlar bir necha oylardan beri muhokama qilinmoqda. Avvaliga futbolchining “Al-Hilol”ga o‘tish ehtimoli yuqori ekanligi aytilgandi. Biroq, futbol insayderi Fabritsio Romano polyak futbolchisining yaqin orada “Al-Ahli”ga o‘tishi haqida maʼlumot berdi. Xabar qilinishicha, muzokaralar yakuniy bosqichda, futbolchining shaxsiy shartlari kelishib olingan.
“Tottenhem” Lukakuni nishonga oldi
“Chelsi” hamon Lukakudan qutula olmayapti. Avvaliga “Inter” bilan muzokaralar to‘xtab qoldi, keyin esa “Yuventus” bilan kelisha olmadi. Qolaversa, Turinda muxlislar bunday transferga keskin qarshi chiqishdi. Xabarlarga ko‘ra, futbolchini sotib olish uchun “Chelsi”ga yaqinda Harri Keynni “Bavariya”ga qo‘yib yuborgan “Tottenhem” murojaat qilgan.
Kepa “Bavariya”ni emas, “Real”ni tanladi
“Chelsi” darvozaboni Kepa Arrisabalaga o‘tgan kuni Tibo Kurtua jiddiy jarohat olgan "Real Madrid"ga yo‘l oldi. Qayd etilishicha, ispaniyalik futbolchi sotib olish huquqisiz ijaraga beriladi. “Bavariya” bosh direktori Yan-Kristian Driyesenning aytishicha, Kepa Myunxendan ko‘ra Madridni afzal ko‘rgan.
Diyego Kosta yangi klub topdi
34 yoshli hujumchi Diyego Kosta Braziliyaga qaytdi. U yerda u o‘z faoliyatini yoshlar darajasida boshlagan, ikki yil oldin futbolchi "Atletiko Mineiro"da o‘ynagan va hozirda “Botafogo” bilan shartnoma imzolagan. Kelishuv allaqachon rasman eʼlon qilingan. Shartnoma 2023-yil oxirigacha mo‘ljallangan.
“PSJ” yana bir hujumchi topdi
Parij klubi yana bir hujumchi bilan muzokara olib bormoqda. Gap Bundesliganing so‘nggi mavsumidagi asosiy kashfiyotlaridan biri - “Ayntraxt” hujumchisi Kolo Muani haqida ketmoqda. Jurnalist Florian Plettenbergning so‘zlariga ko‘ra, fransiyalik futbolchi bilan shaxsiy shartnoma shartlari kelishib olingan va nemis klubi 100 million yevro va bonuslar olmoqchi.
Maguayr «Vest Xem»ga o‘tadi
"Manchester Yunayted" himoyachisi Harri Maguayr faoliyatini "Vest Xem"da davom ettiradi. Fabritsio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, klublar 2019-yilda dunyoning eng qimmat himoyachisiga aylangan futbolchi uchun 35 million yevroga kelishib olgan.


