Xitoyning Yadea kompaniyasi natriy-ion batareyalarida ishlovchi, ya’ni tuzdan quvvat oladigan elektroskuterlarni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Skuterlarni Xanchjou shahridagi savdo markazi oldida sinab ko‘rish mumkin. Ularning yonida o‘rnatilgan zaryadlash ustunlari yordamida atigi 15 daqiqada 0 dan 80% gacha quvvat to‘ldirish mumkin bo‘ladi.
An’anaviy litiy-ion yoki qo‘rg‘oshin kislotali akkumulyatorlar o‘rniga bu yangi skuterlar dengiz tuzidan ajratilgan natriydan energiya oladi. Ularning narxi 400 dan 660 dollargacha bo‘lishi kutilmoqda.
Mahalliy kompaniyalar sanoatning qimmat va cheklangan resurslar — xususan litiyga qaramligini kamaytirish maqsadida, bunday natriy-ion batareyalarini ishlab chiqishni boshlab yuborgan. CATL kompaniyasi ham 2025-yil aprelda “Naxtra” brendi ostida og‘ir yuk mashinalari va avtomobillar uchun natriy-ion batareyalarini ommaviy ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Yadea hozirgacha 3 ta natriy bilan ishlovchi modelni taqdim etgan. Kompaniya shuningdek, yangi energiya texnologiyalarini chuqurroq o‘rganish uchun Xanchjou Huayu yangi energiya tadqiqot institutini tashkil etgan.
Ikki g‘ildirakli transport vositalari Osiyoda, ayniqsa Vyetnam, Indoneziya va Xitoyda juda mashhur. Xitoyda esa bu transport vositalari kundalik hayotda shu qadar keng qo‘llanadiki, ular orasida “elektr eshak” nomi bilan ham tanilgan. Faqat 2023-yilning o‘zida mamlakatda 55 milliondan ortiq skuter sotilgan.


